Yangiliklar
Yangi qaror:  Gaz “zapravka”larda shaffof tizim joriy etilib, ularda noqonuniy holatlar hamda baxtsiz hodisalarning oldi olinadi
12.07.2024 1

Yoqilg‘i-energetika resurslaridan turli xil qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun sohada axborot-kommunikatsiya vositalarini joriy etish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlariga qaramasdan AGTKSHlarda hamon noqonuniy foydalanishlar davom etmoqda.

 

Misol uchun, 2023-yil davomida AGTKSHlar tomonidan 205,3 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan, 2024-yilning iyul oyiga qadar esa bu ko‘rsatkich 90,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bundan tashqari, 2023-yilda AGTKSHlarda avtotransport vositalariga meʼyordan ortiq gaz to‘ldirilishi natijasida 21 ta holatda gaz ballonlari portlagan.

 

Gaz “zapravka”lar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish hisobiga yuqoridagi kabi noqonuniy holatlarni oldini olish, har bir avtomobilga belgilangan meʼyorda gaz quyilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-iyulda “Tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 387-son qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan, tabiiy gazni AGTKSH orqali sotishni to‘liq raqamlashtirgan holda ulardan noqonuniy foydalanish, baxtsiz hodisalarni oldini olish, tizimni onlan ravishda kuzatib turish va boshqarish kabi ishlar tartibga solinadi.

Xususan, AGTKSHlarda tabiiy gaz sarfi hisobi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida yuritish bo‘yicha maxsus axborot tizimi joriy etiladi. Natijada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlariga chek qo‘yiladi.

Shu jumladan, avtotransport vositalariga belgilangan normadan ortiq bosimda gaz to‘ldirilmaydi hamda baxtsiz hodisalarning yuzaga kelish xavflari minimallashadi. Eʼtiborlisi, avtotransport vositalari Ichki ishlar vazirligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilinib, avtomobillarning ko‘rik muddati o‘tgan bo‘lsa, unga AGTKSHlar tomonidan gaz quyilmaydi.

Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan boshlab yangi AGTKSHlarni qurish uchun tabiiy gaz tarmoqlariga ulanishda texnik shartlar va litsenziya faqatgina Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, Energetika vazirligi taqdimnomasiga muvofiq beriladi.

 

Shuni alohida taʼkidlash joizki, bugungi kunda respublikamizda 1 ming 499 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur shoxobchalar orqali siqilgan tabiiy gaz sotish quvvatlari o‘rganilganda, AGTKSHlar to‘la quvvatda foydalanilmasdan, yaʼni, loyihaviy quvvatga nisbatan bor yo‘g‘i 25-30 foiz ish quvvatida faoliyat yuritayotganligi kuzatilgan.
Buning oqibatida esa, hozirda mavjud AGTKSHlarni yuritishda energiya resurslardan samarasiz va behuda foydalanish, shuningdek katta miqdorlardagi yo‘qotishlarga sabab bo‘layotgan holatlar ko‘p uchramoqda.

 

Yangi tartib joriy etishilishi ushbu salbiy holatlarga barham berish va yoqilg‘i-energiya resurslariga ortib borayotgan talabni qondirish hamda ulardan samarali va oqilona foydalanish uchun katta ahamiyat kasb etadi.

Calendar of events

Calendar of events

    < 09 2024 >
    Mon Tue Wed Thu Fri Sat Sun