Ushbu seminarda yirik korxonalar, tashkilot, muassasalar vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlari ishtirok etdi. Tadbir davomida mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini, ijtimoiy soha ob’ektlarini, aholi xonadonlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, mavjud energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ayniqsa, muqobil energiya turlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan ishlar olib borilayotganligi to‘g‘risida tushunchalar berildi.
Shuningdek, seminarda mutaxassislar tomonidan mamlakatimizda yashil energiyadan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha aholi uchun qator imtiyozlar joriy etilganligi, ishlab chiqarish korxonalariga quyosh panellari o'rnatishning afzalliklari xususida ishtirokchilarga ma’lumotlar berildi va mavzuga oid ko'rgazmalar namoyish etildi.
Tadbir yakunida 15 dan ortiq quyosh panel mahsulotlari bilan ta’minlovchi korxonalar o’z mahsulotlari bilan qatnashib, bir nechta tadbirkorlar bilan hamkorlikda quyosh panellari o'rnatish bo’yicha shartnoma imzoladilar.